“Paxtakor” fojiasi xotirasiga – “Jar”da yordamchi oʻyin
14-avgust kuni Toshkentdagi “Jar” stadionida “Paxtakor” klubi tarixidagi eng fojiali voqealardan biri — 1979-yildagi aviahalokat qurbonlarini yod etish maqsadida yordamchi oʻyin boʻlib oʻtadi. Xotira tadbiriga Rossiyadan taniqli futbol faxriylari delegatsiyasi tashrif buyuradi.
1979-yil 11-avgustda Dneprodzerjinsk (Ukraina SSR) osmonida ikki Tu-134 samolyoti to‘qnashib, 178 kishi halok bo‘lgan edi. Ular orasida Minskka chempionat o‘yiniga yo‘l olgan “Paxtakor”ning 17 futbolchisi va murabbiylar shtabi ham bor edi.
Toshkentdagi oʻyinda postsovet maydonlarida yaxshi tanilgan nomdorlar toʻp surishadi. Rossiya sharafini 1980-yillarda dunyoning eng yaxshi darvozabonlaridan biri sanalgan Rinat Dasaev, UEFA Kubogi va Chempionlar ligasi finallarida gol urgan yagona rossiyalik Dmitriy Alenichev, uning “Spartak”dagi hamda Rossiya terma jamoasidagi sherigi, olti karra mamlakat chempioni Yegor Titov, shuningdek, sobiq SSSR chempioni Valeriy Shmarov himoya qiladi.
O‘zbekiston faxriylari jamoasi tarkibida esa milliy futbol ramzlaridan biri — hozirgi milliy terma jamoa bosh murabbiyi, sobiq sardor Timur Kapadze, ikki karra Osiyoning eng yaxshi futbolchisi Server Jeparov va oʻtmishdagi yetakchi yarimhimoyachi Mirjalol Qosimov maydonga chiqadi. Ularga SSSR chempioni (1988) va 1998-yilgi O‘zbekiston chempionati to‘purari Igor Shkvirin qo‘shiladi.
Oʻyin mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da start oladi. 8,5 ming tomoshabin sig‘adigan “Jar” stadioniga kirish barcha muxlislar uchun bepul boʻladi.