Paxtakor akademiyasi O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi
O‘zPFL tomonidan o‘tkazilgan U-19 musobaqasi finalida "Nasaf" ustidan g‘alaba qozongan "Paxtakor" akademiyasi bugun OFA Kubogining navbatdagi yosh toifalarida ham chempionlikni qo‘lga kiritdi.
O‘zPFLdan keyingi 4ta yosh toifasi musobaqalarini OFA o‘tkazadi va bu yil 2009, 2010, 2011 hamda 2012-yillarda tug‘ilgan futbolchilar bosh sovrin uchun kurash olib bordi. U-19 musobaqasida "Paxtakor"ning 2006-2009 yillarda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.
Dastlab "Paxtakor"ning 2012 va 2011-yillarda tug‘ilgan futbolchilari turnirda qatnashishni boshladi. 2011-yillar guruhdan chiqqach, "Odil Ahmedov" akademiyasini 8:0 hisobida tor-mor keltirdi. Bu turnirdagi eng yirik g‘alaba. 2012-yillar jamoasi esa "Nasaf" ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yarim finalda U-13 "Bunyodkor"ni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. Afsuski, 2011-yillar Toshkent derbisida 2:0 hisobida oldinga chiqqan bo‘lsa-da, yakunda 3ta gol o‘tkazib yubordi. Finalda esa "Odil Ahmedov" FA yana mag‘lubiyatga uchradi — 2:0. 2011-yillar esa uchinchi o‘rin uchun bahsda "Nasaf"ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi.
Bugun esa 2009 va 2010-yillarda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasidagi final bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Guruh bosqichini 9 ochko bilan yakunlagan ikki jamoamiz chorak finalda ham g‘alaba qozondi. U-16 "Nasaf" ustidan 5:2 hisobida zafar quchdi. 2010-yillar esa "Lokomotiv"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. 1/2 finalda esa yana Toshkent derbisi — "Paxtakor" va "Bunyodkor". Ikkisida ham g‘alaba. Qiyinchilik bilan finalga yetib kelgan "Nasaf"ni 2010-yillarimiz osonlik bilan mag‘lub etdi. 2009-yillar finalida g‘alaba qozonish ham jamoamizga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirmadi. Guruh o‘yinida "Odil Ahmedov" qanday tarzda mag‘lub etilgan bo‘lsa, finalda ham xuddi shunday g‘alaba qayd etildi.
Shu tariqa, "Paxtakor" yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan 5ta musobaqaning 4tasida chempionlikni qo‘lga kiritdi, bittasida esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.