Pavlovich «Manchester City»ning taklifini rad etdi
Myunxenning «Bavariya» klubi yarim himoyachisi Aleksandr Pavlovich yozgi transfer oynasida «Manchester City»ga o‘tishdan bosh tortdi. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg xabar berdi.
Manba xabarlariga ko‘ra, «shaharliklar» hali mart oyidayoq «Bavariya» va Pavlovich bilan aloqa o‘rnata boshlagan. Angliya grandi nemis klubiga 22 yoshli yarim himoyachi uchun 100 million yevrogacha to‘lashga tayyor ekanini bildirgan.
Pavlovichning o‘zi ham ushbu qiziqishni ijobiy qabul qilgan va hatto taklif haqida o‘ylab ko‘rgan. Biroq yakunda u rad javobini bergan. Shu sababli «Bavariya»ga rasmiy taklif yuborishgacha bo‘lgan jarayon amalga oshmagan.
Joriy mavsumda Pavlovich barcha musobaqalar doirasida 7 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.