Paulo Dibala yozda «Boka Xuniors» safiga o‘tishi mumkin
«Roma» hujumchisi Paulo Dibala joriy mavsum yakunlangach, faoliyatini Argentinada davom ettirishi kutilmoqda. Tuttomercatoweb xabariga ko‘ra, futbolchi yozda «Boka Xuniors» safiga erkin agent sifatida qo‘shilishga yaqin turibdi.
Dibalaning «Roma» bilan amaldagi shartnomasi yozda o‘z yakuniga yetadi. Tomonlar hozircha bitimni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani yo‘q, bu esa argentinalik futbolchining o‘z vataniga qaytish ehtimolini oshirmoqda.
Shuningdek, Dibala joriy yilning 25 yanvaridan buyon tizza bo‘g‘imidagi yallig‘lanish sababli maydonga tushmayapti. U uzoq muddat davomida konservativ davolash usullarini, jumladan, igna bilan davolash kurslarini o‘tagan bo‘lsa-da, kutilgan natija kuzatilmagan.
Joriy mavsumda 21 ta uchrashuvda maydonga tushgan hujumchi 3 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.