Paulo Dibala «Roma»dan ketishini tasdiqladi: «Hech kim men bilan bog‘lanmadi»
«Roma» klubining argentinalik hujumchisi Paulo Dibala o‘zining kelajagi borasida bayonot berdi.
«Shartnomamda yozilishicha, navbatdagi bahs men uchun «Roma» libosidagi so‘nggi o‘yin bo‘ladi. Bitim iyun oyida yakuniga yetadi va hozircha klubdan hech kim men bilan bog‘lanmadi», — dedi futbolchi Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
Hujumchi tizza bo‘g‘imidagi yallig‘lanish sababli 25 yanvardan buyon maydonga tushmayapti. Bir oydan ortiq vaqt davomida u konservativ davolash kurslarini, jumladan, igna bilan davolash (akupunktura) muolajalarini oldi, biroq bu usullar kutilgan natijani bermadi. Joriy mavsumda Dibala 21 ta o‘yinda ishtirok etib, 3 ta gol va 3 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.
Avvalroq jurnalistlar Dibala yozda Argentinaning «Boka Xuniors» klubi safiga borib qo‘shilishi haqida xabar berishgan edi.