Paragvay Jud Bellingem yuzasidan FIFAga shikoyat kiritdi
Paragvay futbol federatsiyasi Angliya terma jamoasi yarimhimoyachisi Jude Bellingem bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan FIFAga rasmiy shikoyat kiritdi. Shikoyat Angliya va Gana o‘rtasidagi 0:0 hisobida yakunlangan uchrashuvdan keyin yuzaga kelgan.
Paragvay tomoni Bellingemning o‘yin davomida og‘zini yopgan holda Jordan Ayyu bilan muloqot qilgani uchun jazolanmaganini tanqid qilmoqda. Federatsiya buni yangi FIFA qoidalarining bir xil qo‘llanmaganiga misol sifatida ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Paragvay futbolchisi Migel Almiron Turkiyaga qarshi uchrashuvda xuddi shunday harakat uchun qizil kartochka olgan va ushbu qoida bo‘yicha jazolangan ilk futbolchiga aylangandi.
Biroq FIFA hakamlar qo‘mitasi rahbari Pyerluiji Kollinaning tushuntirishiga ko‘ra, og‘izni yopishning o‘zi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Jazo faqat mojaro, haqorat yoki keskin tortishuv alomatlari kuzatilgan holatlarda qo‘llaniladi. Bellingem va Jordan Ayyu o‘rtasidagi suhbat esa hakamlar tomonidan mojaroli vaziyat sifatida baholanmagan.
Maʼlumot uchun, hozircha FIFA ushbu shikoyat bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilmagan.