Paketa «Liverpul»ga qarshi oʻyinda bir daqiqa ichida ikkita sariq kartochka oldi
«Vest Hem» yarimhimoyachisi Lukas Paketa kecha Angliya chempionati doirasidagi «Liverpul»ga (0:2) qarshi o‘yinda yana bir mojaroli vaziyat markazida qoldi.
83-daqiqada mersisaydliklar foydasiga 1:0 hisob qayd etilgan paytda markazda qoida buzildi. «Vest Hem» futbolchisi raqibga nisbatan qo‘pollik qilgach, hakam o‘yinni to‘xtatdi. Epizodda ishtirok etmagan Paketa esa hakam tomonga qo‘llarini ko‘targancha norozilik bildira boshladi. Arbitr bilan bahslashgani uchun braziliyalik futbolchiga darhol sariq kartochka ko‘rsatildi.
Biroq Paketa bunga qaramay tinchimadi — u faol imo-ishoralar bilan hakamga e’tiroz bildirishda davom etdi. Hakam bir muddat undan uzoqlashishga harakat qildi va ikkinchi kartochkani ko‘rsatmadi. Ammo braziliyalik o‘yinchining bosimi ortib borgach, arbitr nihoyat ikkinchi sariqni cho‘ntagidan chiqarib, Paketani maydondan chetlatdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Paketa ataylab kartochkalar olib, bukmekerlik bahslariga aralashganlikda ayblangan edi, biroq keyinchalik u bu ishda aybsiz deb topilgan.