locale OZ

O‘zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyalashidan muvaffaqiyatli o‘tdi

Bular orasidan Qoraqalpog‘istonning Aral klubi o‘z tarixida ilk bor litsenziatga aylandi.
O‘zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyalashidan muvaffaqiyatli o‘tdi
Фото: UzPFL

Osiyo futbol konfederatsiyasi 2026-2027-yilgi mavsumda litsenziyalash tekshiruvlari natijasida klublar miqyosidagi qit’aviy musobaqalarda ishtirok etishga layoqatli deb topilgan klublar ro‘yxatini e’lon qildi.

Joriy yilgi litsenziyalash mavsumi natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyalashidan muvaffaqiyatli o‘tib, professional klub maqomini oldi. Ahamiyatlisi, joriy yilga natijalarga ko‘ra, Superliganing barcha jamoalari, shuningdek, Proliganing uch klubi — Aral, Metallurg hamda Sho‘rtan litsenziyaga ega chiqdi. Bular orasidan Qoraqalpog‘istonning Aral klubi o‘z tarixida ilk bor litsenziatga aylandi.

Konfederatsiya taqdim etgan ma’lumotga asosan, O‘zbekiston va Qatar litsenziatlar soni bo‘yicha qit’ada yetakchi bo‘lib turibdi — 19 tadan. Saudiya Arabistonining esa 18 ta litsenziat bilan keyingi o‘rinda litsenziyalash mavsumini yakunladi.

Ta’kidlash joizki, klublarimizning OFK litsenziyalashidagi faol ishtiroki nafaqat ulardagi infratuzilma, kadrlari siyosati, yuridik va buxgalteriya ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga, balki barcha klublarimizning qit’a miqyosidagi musobaqalarga shay holatda bo‘lishlarini ta’minlamoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida OFK Professional futbol qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan hamda OFK Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan OFK Elit Chempionlar Ligasining kengaytirilishi natijasida O‘zbekiston uchun ajratilgan kvotalar soni yana bittaga ko‘payib, Nasaf klubi ham kelgusi mavsumdan xalqaro maydonda ishtirok etishi oydinlashdi. Klub litsenziyalash mavsumiga bee’tibor bo‘lmagani natijasida ularning musobaqadagi ishtirokiga litsenziyalash masalasi to‘g‘anoq bo‘lmayapti.

Ma'lumki, OFK litsenziyalash dasturi futbol klublarining aniq modelini belgilab bergan hamda bu jarayonda bir qator o‘zgarmas modellarga tayanadi. Biroq so‘nggi yillarda milliy ligalarimizda FarDU, BuxDU va TerDU kabi universitet jamoalari, Olimpik Mobiuz hamda Respublika FA singari davlat miqyosida yoshlar futbolini rivojlantirishga yo‘naltirilgan maxsus loyihalar, shuningdek, G‘azalkent va Kattaqo‘rg‘on kabi xususiy klublar ham faoliyat olib bormoqda. Ushbu klublardan ba'zilari yangi tashkil etilgani vajidan OFK litsenziyasiga ega chiqa olmayotgan bo‘lsa, ba'zilari tuzilish shakli tufayli amaldagi reglamentga ko‘ra bunday litsenziyani ololmaydi.

Shularni inobatga olgan holda, Liga ayni vaqtda mazkur klublarning infratuzilma bilan bog‘liq bir qator asosiy yo‘nalishlarini o‘rganib bormoqda va ular ushbu tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, yil yakuniga qadar professional klub maqomini olgan klublar soni yana bir nechtaga ko‘payishi mumkin.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting