Oʻzbekistonlik hakam Nayim Qosimov Jahon chempionatining 9 ta uchrashuvida faoliyat yuritdi
Afrika qit'asining sharqida, Hind okeanida joylashgan xushhavo va xushmanzara Seyshel oroli poytaxti Viktoriya shahri may oyining dastlabki yarmida sohil futboli muxlislari diqqat markazida turdi. 155 ta orollar arxipelagining ajralmas bu qismi sohil futboli boʻyicha XIII jahon chempionati final bosqichiga mezbonlik qildi.
Sayyoramizning 16 kuchli terma jamoasi ishtirok etgan Mundialda charm toʻp sehrgarlari yurti – Braziliya terma jamoasi yettinchi marta jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻldi. Braziliyaliklar finalda Belarus terma jamoasini 4:3 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Kumush medallardan tashqari bronza medallari ham Yevropa qit'asi vakillarida ketdi. 3-oʻrin uchun oʻtkazilgan uchrashuvda Portugaliya terma jamoasi Afrika qit'asi vakili – Senegal terma jamoasini 3:2 hisobida dogʻda qoldirdi.
E'tiborga molik jihati sohil futboli boʻyicha mazkur jahon chempionatida oʻzbek oʻgʻloni, taniqli FIFA referisi Nayim Qosimov ham faoliyat olib bordi. Nayim Qosimov 11 kun ichida 9 ta bahsda faoliyat yuritgani diqqatga sazovor. Xalqaro futbol federasiyalari uyushmasi hakamlar qoʻmitasi Nayim Qosimovga guruh bahslarining bittasini (Salvador – Italiya – 0:5) boshqarish, shuningdek, beshtasida bosh hakam yordamchisi sifatida ishlash imkoniyatini berdi.
Oʻzbekistonlik referi Jahon chempionatining oxirgi kuniga qadar uchrashuvlarni boshqarishga jalb etildi. Jumladan, 8 may kuni pley-offning dastlabki bosqichi – chorak finalda Belarus – Eron (4:3), 10 may sanasida esa yarim finalning Portugaliya – Braziliya terma jamoalari uchrashuvlarida bosh hakam yordamchisi vazifasini oʻtadi. Va nihoyat Mundialning oxirgi kuni Nayim Qosimov Senegal – Portugaliya (2:3) terma jamoalari oʻrtasida kechgan 3-oʻrin uchun oʻyinda ham bosh hakam yordamchisi sifatida maydonga chiqdi.