Oʻzbekiston terma jamoasining sobiq murabbiyi va bir futbolchi Prezident tomonidan berilgan avtomobilni boshqalarga hadya qildi
Avval xabar berilganidek, futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Osiyo chempioni Qatarning ustidan 3:0 hisobida gʻalaba qozondi. Uchrashuv Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtdi.
Oʻyindan soʻng futbolchilar va murabbiylar taqdirlandi. Oʻzbekiston terma jamoasi himoyachisi Islombek Toʻxtaxoʻjayev Prezident tomonidan berilgan BYD rusumli avtomobilni jamoadoshi Bobur Abdixoliqovga hadya qildi. Shuningdek, terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Srečko Katanec ham oʻz avtomobil kalitini tarjimon Davron Ahmedovga topshirdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Abdixoliqov saralash bosqichida toʻrtta oʻyinda qatnashib, bir gol urgan va bir penalti ishlab olgan. Biroq soʻnggi ikki bellashuvga chaqirilmagani sababli u mukofotga ega boʻlmagan. Toʻxtaxoʻjayev esa faqat oxirgi ikki uchrashuvda maydonga tushgan va oʻz mukofotini Boburga munosib, deb hisoblab, unga sovgʻa qilgan.
Katanec esa sogʻligʻi tufayli termani tark etgan, ammo uning mehnatini eʼtirof etish maqsadida soʻnggi oʻyinga taklif etilgan. U tarjimon Davron Ahmedovning yordamiga yuqori baho berib, avtomobilni unga bergan.