locale OZ

O‘zbekiston terma jamoasi oldidagi sinovlar: musobaqa arafasida muammolar ko‘paymoqda

Gazon holati, jarohatlar va murabbiy atrofidagi noaniqlik — Timur Kapadze jamoasi qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Rasm: UFA

30-avgust kuni Toshkentda xalqaro turnir start oladi. O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichida Ummon, Turkmaniston va yana bir mintaqaviy raqib bilan to‘qnash keladi. Biroq musobaqa yaqinlashar ekan, jamoa oldida bir qator jiddiy masalalar turibdi.

Qayerda o‘ynaymiz?
Eng katta savol stadionlar bilan bog‘liq. "Bunyodkor" maydoni konsertdan keyin yaroqsiz holatga kelgan. "Paxtakor"da gazon hali tayyor emas, "Lokomotiv"da ta'mir davom etmoqda. Hozircha yagona imkoniyat — "Jar" stadioni. Biroq avgust oyida bu yerdagi yuklama juda katta, bu esa gazon sifatini jiddiy yo‘qotishi mumkin. Ko‘plab muxlislar musobaqani viloyatlarda o‘tkazish kerak edi, deb hisoblamoqda.

Jarohatlar va o‘yin amaliyoti yetishmasligi
Shu bilan birga, tarkib masalasi ham muammoli. Jamoa yetakchilaridan ayrimlari jarohat olgan yoki hali to‘liq forma kirgan emas. Rustam Ashurmatov bir necha oyga safdan chiqqan. Jaloliddin Masharipov tiklanish jarayonida, ammo turnirga yetib kelish umidi bor. Oston Urunov mavsum boshida jamoadan qo‘shildi, lekin hali maydonga tushmadi. Otabek Shukurov individual tartibda mashg‘ulot o‘tkazmoqda.
Legionerlarda ham qiyinchiliklar yo‘q emas: Abbosbek Fayzullayev iyundan beri to‘liq o‘yin o‘tkazmagan va "Bashakşehir" safida hali debyut qilmagan. Darvozabon Utkur Yusupov esa Eron chempionatida asosiy tarkibda o‘ynamay qoldi, mahalliy matbuot uning boshqa klubga o‘tishi mumkinligini yozmoqda.

Murabbiy masalasi
Jamoa atrofida yana bir noaniqlik — Timur Kapadzening kelajagi. Uning shartnomasi noyabrgacha amal qiladi. Chet ellik murabbiylar nomzodi atrofida turli xabarlar tarqaldi, ammo UFA bu haqda rasmiy izoh bermagan.

Shunday qilib, terma jamoa musobaqaga bir qator muammolar bilan kirib kelmoqda. Shunga qaramay, futbolchilar muxlislarni xursand qilish va yurtimiz sharafini munosib himoya qilish niyatida maydonga chiqishadi.

Bakradze Iman
Bakradze Iman
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting