O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Qozog‘istonga omad tiladi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze BorodAbata.kz nashriga bergan intervyusida jahon chempionati-2026 saralash bosqichida qo‘llab-quvvatlagani uchun qozog‘istonlik futbol ishqibozlariga minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston termasi mundialga yo‘llanma olganidan so‘ng Qozog‘istondan ko‘plab tabriklar va iliq tilaklar olgan.
— Rostdan ham Qozog‘istondan juda ko‘p tabriklar keldi. Men ushbu mamlakatda unutilmas fursatlarni o‘tkazganman. Qozog‘istonda do‘stlarim juda ko‘p. Mamlakatingizga qo‘llab-quvvatlagani uchun katta rahmat aytaman. Axir biz — qarindosh xalqlarmiz. Qozog‘iston terma jamoasi va qozog‘ futboliga omad tilayman. Ular ham muxlislarini xursand qilsin, — dedi Kapadze.
Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets ketganidan so‘ng terma jamoa boshqaruvini Timur Kapadze qabul qilib olgan va jamoani to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘yinchi sifatida Qozog‘istonning “Aktobe” klubida to‘p surgan va jamoa tarixida muhim iz qoldirgan.