O‘zbekiston sport rahbarlari “Manchester City”da mehmon bo‘lishdi
Hozirgi kunlarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va bir qator sport tashkilotlari vakillari Angliyaning Manchester shahrida xizmat safarida ishtirok etmoqda.
Safar doirasida MOQ raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, qo‘mita bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov hamda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov “Manchester City” klubiga tashrif buyurishdi. Uchrashuvda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov ham qatnashdi.
Pep Gvardiola boshchiligidagi mashg‘ulot jarayonida mehmonlar klubning tayyorgarlik tizimi, infratuzilmasi va yoshlar bilan ishlash uslubi bilan yaqindan tanishdilar. Bu tashrif alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, chunki “City” safida ayni paytda o‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husonov ham to‘p surmoqda. Uning klub tarkibidagi ishtiroki o‘zbek futboli uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Bundan avval “Manchester City”ni o‘z ichiga olgan kompaniya O‘zbekistonda futbol klubi sotib olish imkonini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shu jihatdan, ushbu tashrif kelgusida ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga yo‘l ochishi mumkin.
