O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Andijonda yig‘inga kirishdi
Keyingi oyda Bahraynda bo‘lib o‘tadigan Yoshlar Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bugun Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishdi.
Dilshod Rahmatov boshchiligidagi murabbiylar shtabi terma jamoaga nomzod o‘yinchilarning katta qismini Oliy liga 2-tur uchrashuvlari o‘tkazilayotgan zamonaviy majmuaga yig‘di va dastlabki kuni asosiy e’tiborni ularning jismoniy tayyorgarligi, to‘p bilan ishlash, o‘yin uslubini shakllantirish kabi jihatlarga qaratdi.
Yig‘in davomida vodiy viloyati jamoalariga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, o‘smirlarimiz mamlakat milliy chempionatining murosasiz bahslarini bevosita kuzatish asnosida nazariy bilimlarini ham boyitish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.