locale OZ

O‘zbekiston nazorat oʻyinida Niderlandiyaga alamli magʻlubiyatga uchradi

Soʻnggi daqiqada penaltidan urilgan gol uchrashuv taqdirini hal qildi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
O‘zbekiston nazorat oʻyinida Niderlandiyaga alamli magʻlubiyatga uchradi
FOTO: Getty Images

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvida Niderlandiyaga qarshi maydonga tushdi. Nyu-Yorkdagi “Icahn” stadionida kechgan qiziqarli bahsda vakillarimiz 2:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi asosan niderlandiyaliklarning nazorati ostida o‘tdi. 31-daqiqada himoyachi Jahongir O‘rozov o‘z jarima maydonchasi ichida qo‘pollik ishlatdi va hakam darvozamizga penalti belgiladi. Undan Kodi Gakpo unumli foydalanib, hisobni ochdi — 1:0.

Ikkinchi bo‘limda vakillarimiz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bahsning 86-daqiqasida raqib futbolchisi to‘pni qo‘l bilan o‘ynagani uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Son jihatdan ustunlikka erishgan “oq bo‘rilar” bosimni oshirishdi va 90+1-daqiqada Igor Sergeyev raqib darvozasini ishg‘ol qilib, muvozanatni tikladi — 1:1.

Biroq hakam tomonidan qo‘shib berilgan o‘yinning so‘nggi soniyalarida (90+7-daqiqa) Niderlandiya terma jamoasi yana bir bor penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Kodi Gakpo nuqtadan adashmay, o‘zining dublini rasmiylashtirdi va jamoasiga g‘alaba keltirdi — 2:1.

Shu tariqa, Fabio Kannavaro shogirdlari tarixiy mundial oldidan o‘tkazilgan so‘nggi nazorat o‘yinida kichik hisobda mag‘lub bo‘lishdi. Ma’lumot uchun, Niderlandiya ayni paytda FIFA reytingida 8-o‘rinni, O‘zbekiston esa 51-o‘rinni egallab turibdi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting