O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inni davom ettirmoqda
Poytaxtimizdagi Milliy terma jamoalar markazi sport zalida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qizg‘in davom etmoqda.
Bosh murabbiy Xose Mariya Mendes boshchiligidagi murabbiylar shtabi yig‘inga jalb etilgan nomzodlarning jismoniy va texnik-taktik tayyorgarligini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Mashg‘ulotlar davomida futbolchilarning individual salohiyatini yanada ochish, jamoaviy uyg‘unlikni mustahkamlash hamda turli o‘yin bog‘lanmalarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘inga darvozabonlar bilan ishlash bo‘yicha portugaliyalik mutaxassis Nuno Migel ham jalb etilgan. U O‘zbekiston milliy, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari darvozabonlari uchun maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ushbu jarayon klub jamoalari darvozabonlarida ham katta qiziqish uyg‘otib, tajriba almashish va malaka oshirish uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Darvozabonlar uchun tashkil etilayotgan amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv-seminarlar milliy futzalimiz rivoji hamda zamonaviy darvozabonlik maktabini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining iyun oyidagi yig‘ini 12-iyunga qadar davom etadi. Mazkur yig‘in doirasida nazorat uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilmagan.