O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyati “Dinamo” professional futbol klubi direktori Shuxrat Ruziyev bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyati “Dinamo” professional futbol klubi direktori Shuxrat Ruziyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘FF prezidenti Bekzod Mamatqulov tomonidan "Dinamo" futzal klubidagi ayrim muammolar yuzasidan Samarqand viloyati futbol assotsiatsiyasiga yo‘llagan murojaati muhokama etildi.
Shuxrat Ruziyev “Dinamo” PFK qoshidagi futzal jamoasini yanada rivojlantirish, jamoaning O‘zbekiston chempionatida munosib ishtirok etishi uchun zarur infratuzilmani yaxshilash, yagona sport bazasini tashkil etish, murabbiylar shtabi va futbolchilar uchun sharoitlarni takomillashtirish bo‘yicha rejalarini taqdim qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bir qator masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishdilar:
• Futzal jamoasi uchun mashg‘ulot va tayyorgarlik bazasini to‘liq sharoitlar bilan ta’minlash;
• Futzalchilarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lab borish;
• O‘zbekiston futzal federatsiyasi va “Dinamo” PFK o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni davom ettirish.
Shuxrat Ruziyev munozara va qo‘llab-quvvatlash uchun federatsiya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.