O‘zbekiston - BAA: o‘yin oldidan shubhali harakatlar
5 iyun kuni BAA terma jamoasi jahon chempionati saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston termasiga qarshi maydonga tushadi. Guruhda ikkinchi o‘rinni egallab turgan o‘zbekistonliklar uchun bu o‘yin katta ahamiyatga ega. BAA esa uchinchi pog‘onada bo‘lib, bu bahsda g‘alaba qozonish orqali vaziyatni o‘zgartira olishini biladi.
Biroq uchrashuv oldidan mezbonlar tomonidan bir qator shubhali qarorlar qabul qilinmoqda. Avvalo, tashkilotchilar o‘yin o‘tkaziladigan stadionni o‘zgartirishdi — yangi arena avvalgidan ancha kichik va muxlislar uchun kamroq joy taklif etadi. Eng qizig‘i, hozirgacha o‘zbekistonlik ishqibozlar uchun chiptalar sotuvga chiqarilmagan.
O‘yinga sana bor-yo‘g‘i bir necha kun qolgan bo‘lsa-da, mehmon muxlislar hali ham chipta xarid qilish imkoniyatiga ega emas. Vaqt tanqisligi va tashkiliy qiyinchiliklar tufayli ularning safarini tashkil etish ancha murakkablashgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, BAA futbol rasmiylari stadionni faqat mahalliy muxlislar bilan to‘ldirishni maqsad qilgan. Chunki o‘zbek ishqibozlari xalqaro o‘yinlardagi faol qo‘llab-quvvatlovi bilan tanilgan va ularning ko‘p sonli ishtiroki mezbonlarga bosim o‘tkazishi mumkin edi.