O‘zbekiston - Argentina o‘yini Messi sabab o‘tkazilmadi - Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov Eronga qarshi o‘rtoqlik o‘yini oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Jahon chempionatidan keyin yaxshi shakllangan jamoaga qarshi o‘rtoqlik bahsida o‘ynaymiz. Shaxsan o‘zim O‘FA rahbariyatidan top jamoalardan biriga qarshi o‘ynashimiz kerakligini so‘radim. Eronga ortiqcha ta’rif berish shart emas. U Osiyodagi eng yaxshi jamoalardan biri, tarkibida tajribali o‘yinchilar bor», — dedi Kannavaro.
Argentina bilan o‘yin nega o‘tkazilmadi?
Italiyalik mutaxassis O‘zbekistonning Argentina milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi bo‘yicha muzokaralar bo‘lganini tasdiqladi.
«Haqiqatan ham Argentina milliy jamoasi bilan muzokara o‘tkazdik. Ammo o‘yinga uch hafta qolganda Argentina futbol federatsiyasi Messining xayrlashuvi sabab ushbu bahsdan bosh tortdi. To‘g‘ri, Suriya milliy jamoasi Argentina kabi kuchli emas. Biz Argentina singari top jamoa izladik, ammo buning imkonini topa olmadik», — dedi murabbiy.
«Milliy jamoa eshiklari hamma uchun ochiq»
Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etgan, ammo hozirgi yig‘indan chetda qolgan futbolchilar milliy jamoaga qaytishi mumkinligini aytdi.
«Milliy jamoa eshiklari hamma uchun ochiq. Jahon chempionatidan keyin ayrim o‘yinchilar jarohat oldi. Ba’zilari jamoa topa olmadi, kimdadir pasayish kuzatildi. Lekin hammaning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Bu yig‘inda boshqalarga imkoniyat berishga qaror qildik», — dedi u.
16 yoshli Hakimovga imkoniyat beriladi
Kannavaro milliy jamoaga chaqirilgan «Bunyodkor»ning 16 yoshli futbolchisi Muhammad Hakimov haqida ham fikr bildirdi.
«Hakimovni Jahon chempionatidan oldin ko‘rganman. Yosh bo‘lishiga qaramay, qo‘rqmaydi va kuchli xarakterga ega. Bizning milliy jamoada yosh yoki keksa degan tushuncha yo‘q. Bo‘lajak bahslarda unga ham ma’lum vaqt maydonga tushish imkoniyatini beramiz. Yosh futbolchida potensial va iqtidor bo‘lsa, uni albatta yig‘inlarga jalb qilamiz. Katta yoshli futbolchilarga ham imkoniyat beramiz», — dedi murabbiy.
Kannavaro futbolchilarni qanday tanlaydi?
Bosh murabbiy milliy jamoaga futbolchilarni jalb qilishda ularning klubdagi o‘yini va jamoaga bera oladigan foydasiga e’tibor qaratilishini bildirdi.
«Men ertalab turib, milliy jamoa uchun o‘zimdan-o‘zim futbolchilarni tanlamayman. Har doim kuchli va jamoaga yordam bera oladigan o‘yinchilarni jalb qilamiz. Chempionatda yaxshi o‘ynayotganlarni chaqiramiz. Kim bu yerga kelgan bo‘lsa, bunga haqli. Kim chaqirilmagan bo‘lsa, buning o‘ziga yarasha sabablari bor.
Bu yig‘indan asosiy maqsad — kelajakka e’tibor qaratish. Yangi futbolchilarni ham kelajakni o‘ylab chaqirdik. Avvalgi murabbiy asosan 20–22 nafar futbolchini chaqirardi va bu esa siz, jurnalistlarga yoqmasdi. Hozir esa ko‘plab futbolchilarni yig‘inga chaqirganimizdan ham kamchilik topilmoqda», — dedi Kannavaro.
«Neftchi» futbolchisi Ikrom Aliboyevning milliy jamoaga chaqirilmagani haqida
«Ikrom Aliboyev yaxshi futbolchi. Uning uchun ham milliy jamoa eshiklari ochiq. Takrorlayman, ushbu yig‘indan asosiy maqsad — kelajakka ko‘proq e’tibor berish. Men sizlarni hurmat qilaman. Sizlardan ham qarorlarimni hurmat qilishingizni so‘rayman», — dedi murabbiy.
Osiyo kubogida muvaffaqiyatsiz ishtirok etilsa, iste’foga chiqishi mumkinligi haqidagi savolga Kannavaro kulib: «Biz ertaga bo‘ladigan bahs haqida gaplashyapmiz», — deb qisqa javob qaytardi.