Otabek Shukurov «Mash’al»ga motivatsiya berdi
Otabek Shukurov «Mash’al»ga motivatsiya berdi. Bu haqida «Mash’al» futbol klubi rasmiy sahifasi xabar bermoqda.
«Superliga doirasidagi uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, «Mash’al» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Otabek Shukurov Toshkentda jamoamiz futbolchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Shukurov futbolchilarga iliq tilaklarini bildirib, mavsumning qolgan qismida ishonch, jipslik va kurashchanlik bilan harakat qilishga chaqirdi. O‘zi bosib o‘tgan futbolchilik yo‘li haqida gapirib, mehnat va intizom har qanday futbolchini katta yutuqlarga olib chiqishini ta’kidladi.
Shuningdek, Otabek Shukurov jamoaga o‘z imzosi tushirilgan esdalik futbolkasini sovg‘a qildi. Bu sovg‘a futbolchilar uchun yoqimli xotira va qo‘shimcha motivatsiya bo‘ldi.
Aytish joizki, Otabek Shukurov aynan «Mash’al» akademiyasida kamol topib, katta futbolga yo‘l olgan. Akademiya bugungi kunga qadar O‘zbekiston futboliga Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov va boshqa ko‘plab iqtidorli futbolchilarni yetkazib bergan yurtimizdagi eng nufuzli futbol maktablaridan biri hisoblanadi»,-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.