Ot sporti. Xalqaro ot sporti rahbarlari bilan uchrashuv
2026-yil 10–23-avgust kunlari Germaniyaning Axen 🇩🇪shahrida FEI — Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. To‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladigan mazkur nufuzli musobaqa ot sporti olamidagi eng muhim va yirik sport tadbirlaridan biridir.
Jahon chempionati yakunlangach, xalqaro ot sporti sohasining yetakchi vakillari ishtirokida tantanali kechki ovqat tashkil etildi. Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi raisi Gaziyev Bahromjon hamda Federatsiya Bosh kotibi Shadixodjaev Aloxo’ja ishtirok etdilar.
Tadbir davomida O‘zbekiston vakillari Xalqaro ot sporti federatsiyasi Prezidenti Ingmar De Vos va FEI Bosh kotibi Sabrina Ibáñez bilan uchrashib, xalqaro ot sportining bugungi rivoji, mamlakatimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Bunday uchrashuvlar O‘zbekiston ot sportining xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganining muhim dalilidir. Jahon chempionatida ilk bor ikki nafar o‘zbekistonlik chavandozning ishtirok etgani bilan boshlangan tarixiy qadam xalqaro ot sporti rahbarlari bilan o‘rnatilayotgan yangi aloqalar orqali yanada mustahkamlanmoqda.