Oskar shifoxonadan chiqdi — «San-Paulu» futbolchining ahvoli haqida rasmiy ma’lumot berdi
Londonning «Chelsi» klubi sobiq yarim himoyachisi, hozirda Braziliyaning «San-Paulu» jamoasida to‘p surayotgan Oskar shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda klub X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Futbolchi 12 noyabr kuni yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlangach, rejalashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida shifoxonaga yotqizilgan edi.
«Oskar yakshanba kuni shifoxonadan chiqarildi. Futbolchi tekshiruv vaqtida yurak faoliyatidagi o‘zgarishlar sabab paydo bo‘lgan asoratlar tufayli shifoxonaga yotqizilgandi.
Kasalxonada o‘tkazilgan keng qamrovli tekshiruv futbolchida vazovagal hushdan ketish holati kuzatilganini tasdiqladi. U butun davolanish jarayoni davomida barqaror ahvolda bo‘ldi va o‘zini yaxshi his qildi. Endi sportchi shifokorlar belgilagan bir necha kunlik dam olish tartibiga amal qiladi», — deyiladi klub bayonotida.