Oskar faoliyatini yakunlashga qaror qildi — manba
34 yoshli «San-Paulu» yarimhimoyachisi Oskar futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bu haqda ESPN Brasil nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «San-Paulu» klub rahbariyati Oskar bilan uchrashib, uning kelajakdagi rejalarini bilib olishni rejalashtirmoqda. Braziliya klubi futbolchini klub tizimida ishlashga taklif qilish variantini ham ko‘rib chiqmoqda. «San-Paulu» Oskarning qaytish muddati uchun hech qanday deadline qo‘ymagan — u kelajagi haqida o‘ylash uchun o‘zi zarur deb bilgancha vaqt olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni Oskar klub mashg‘ulot bazasida o‘tkazilgan rejalashtirilgan tibbiy ko‘rik vaqtida hushidan ketgan edi. Tekshiruvdan so‘ng unda yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlangan.
Oskar 2012–2017 yillarda «Chelsi» safida o‘ynagan va londonliklar bilan Angliya chempioni bo‘lgan.