Oʻrtoqlik oʻyini. Fransiya AQSHdagi bahsda Braziliyani mag‘lub etdi
Braziliya va Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. AQSHning Foksboro shahridagi «Jillett» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda fransiyalik futbolchilar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Uchrashuvdagi birinchi golni 32-daqiqada Kilian Mbappe kiritdi. O‘yinning 55-daqiqasida fransuzlar himoyachisi Dayo Upamekano to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shunga qaramay, 65-daqiqada hujumchi Ugo Ekitike fransuzlarning ustunligini ikkitaga oshirdi. 79-daqiqada janubiy amerikaliklarning himoyachisi Bremer bitta javob golini urib, o‘yinning yakuniy hisobini belgiladi — 2:1.
Har ikki jamoa ham joriy yilning yozida AQSH, Kanada va Meksika hududlarida bo‘lib o‘tadigan JCh-2026 turnirida ishtirok etadi. Yevropa saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, Fransiya «D» guruhida 16 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Braziliya terma jamoasi esa Janubiy Amerika saralash guruhida 28 ochko bilan beshinchi pog‘onadan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi. 2022 yilgi dunyo birinchiligi finalida argentinaliklar Fransiya bilan to‘qnash kelishgan va asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlangach, penaltilar seriyasida (4:2) g‘alaba qozonishgan edi.