O‘rtoqlik o‘yini. «Andijon» Tojikiston klubini mag‘lub etdi
“Andijon” Tojikistonda davom etayotgan yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Tojikiston oliy ligasi vakili “Eskhata” klubiga qarshi dastlabki nazorat uchrashuvida ishtirok etdi.
Bosh murabbiy Maksim Shatskix har ikkala taymda ikki xil tarkibni maydonga tushirdi. Yangi futbolchilar ham “Andijon”dagi norasmiy bahsda debyut qildilar.
O‘yin qiziqarli va hujumkor ruhda o‘tdi. Uchrashuvda jamoamiz tezkor gol urdi. Damir Temirovning uzatmasidan so‘ng Saidumarxon Saidnurullayev mohirlik bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 12-daqiqada “Eskhata” vakillari hisobni tenglashtirganidan so‘ng yana “Andijon”da golga boy hujumlar yuzaga keldi. Damir Temirov juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Keyinroq Usmonali Ismonaliyev gol urdi, biroq ofsayd sababli inobatga olinmadi. Shunga qaramay, jamoamizni maydonga sardor sifatida boshlab tushgan Ismonaliyev 17-daqiqada baribir o‘z maqsadiga erishdi. U birinchi gol muallifi Saidnurullayevning ajoyib pasidan so‘ng raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Birinchi bo‘limda boshqa gol kiritilmadi. Qolgani tanaffusdan keyin yuz berdi. Ikkinchi taymda boshqa tarkib maydonga tushirildi va sardorlik bog‘ichi Sardor Azimovga o‘tdi. Tashabbus esa to‘liq jamoamiz tomoniga o‘tdi. Avvaliga Shohjahon Yo‘rqinboev, oradan ko‘p o‘tmay Doniyor Abdumannopov o‘zlarini ko‘rsatishgan holda raqib darvozasini ishg‘ol qildilar. O‘yindagi so‘nggi gol “Eskhata” tomonidan kiritildi. Umuman olganda, ustunlik natijada o‘z aksini topdi.
Shu tariqa, “Andijon” yozgi yig‘indagi birinchi nazorat uchrashuvida 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Jamoa navbatdagi o‘yinini 22-iyul kuni Tojikistonning yana bir klubi – “Istaravshan”ga qarshi o‘tkazadi.
“Andijon” - “Eskhata” – 4:2 (2:1).
Gollar: Saidumarxon Saidnurullayev, 2 - 1:0. Rustam Saburov, 12 - 1:1. Usmonali Ismonaliyev, 17 - 2:1. Shohjahon Yo‘rqinboev, 57 - 3:1. Doniyor Abdumannopov, 60 - 4:1. Ibrohim Eshonxonov, 66 - 4:2.