Orif Onorov “Surxon” futbol akademiyasi direktori lavozimiga tayinlandi
"Sizlarga mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, futbol klubimiz huzurida futbol akademiyasi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Ma’lumki, jamoamizni rivojlantirish strategiyasi yosh futbolchilarni tarbiyalash va ularni rivojlantirishga asoslangan. Surxondaryo viloyati doimo iste’dodlarga boy hudud sifatida tanilgan va bu holat klubning yoshlar futbolini rivojlantirish borasidagi qat’iy niyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu munosabat bilan klub tomonidan Orif Onorovni akademiya direktori lavozimiga tayinlash haqida qaror qabul qilindi. Orif Musulmonqulovich Onorov yoshlar futboli bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri bo‘lib, bungacha u Surxondaryo futbolida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. O‘tgan yili esa u “Surxon” U19 jamoasi bilan muvaffaqiyatli ishlab, jamoani pley-off bosqichigacha olib chiqqan.
Klub nomidan Orif Musulmonqulovichga yangi lavozimida muvaffaqiyatlar tilaymiz — klub va Surxondaryo futboli ravnaqi yo‘lida",-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.