“Oltin to‘p” tashkilotchilari Lev Yashin nomini darvozabonlar sovrinidan olib tashladi
France Football tomonidan yilning eng yaxshi darvozaboniga topshiriladigan mukofot endilikda “Yashin Trofeyi” deb nomlanmayapti. 2026-yilgi nomzodlar e’lon qilingan rasmiy materiallarda Lev Yashin nomi tilga olinmagan, sovrin esa “Yilning eng yaxshi erkak darvozaboni” sifatida taqdim etilgan.
2025-yilda nomzodlar e’lon qilinganda France Football bir necha bor “Yashin Trofeyi” nomidan foydalangan edi. Hatto 2026-yil iyul oyida, jahon chempionati davomida tashkilotning rasmiy saytida ham mukofot aynan shu nom bilan tilga olingan. Biroq 8-sentabr kuni e’lon qilingan yangi materiallarda Yashin nomi butunlay olib tashlangan.
Shu bilan birga, France Football mukofotning qayta nomlangani haqida alohida rasmiy bayonot bermagan. Avvalroq OAVda sovrin nomi o‘zgartirilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Hozirgi holatda faqat rasmiy materiallar va mukofot reglamentida “Goalkeeper of the Year” nomidan foydalanilayotgani ko‘rinmoqda.
Ma’lumot uchun, Yashin Trofeyi 2019-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan tarixdagi yagona darvozabon Lev Yashin sharafiga nomlangan edi. 2026-yilgi sovrin uchun 10 nafar darvozabon, jumladan Matvey Safonov, Tibo Kurtua, David Raya va Emiliano Martines nomzod sifatida ko‘rsatilgan.