“Oltin to‘p” sohibi o‘z g‘alabasidan faqat taqdirlash marosimida xabar topadi
France Football jurnali 2026-yilgi “Oltin to‘p” mukofoti g‘olibining nomini taqdirlash marosimigacha sir saqlamoqchi. Tashkilotchilar ovoz berish natijalari oldindan oshkor bo‘lishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Touchline xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, mukofot sohibining shaxsi marosimda konvert ochilmaguncha hech kimga ma’lum qilinmaydi. Hatto ovoz berishda g‘olib chiqqan futbolchining o‘zi ham mukofotni qo‘lga kiritganini faqat sahnada uning ismi e’lon qilingach bilib oladi.
France Football shu tariqa avvalgi yillarda qo‘llanilgan maxfiylik tartibini saqlab qolmoqchi. Tashkilotchilarning asosiy maqsadi g‘olibning nomi marosimdan oldin ommaga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va taqdirlash jarayonidagi kutilmagan natijani saqlab qolishdan iborat.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi “Oltin to‘p” taqdirlash marosimi 26-oktabr kuni Londondagi Palladium teatrida bo‘lib o‘tadi. Mukofot bu yil o‘zining 70 yilligini nishonlaydi. Amaldagi “Oltin to‘p” sohibi esa 2025-yilda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan “PSJ” hujumchisi Usmon Dembele hisoblanadi.