OKMK jamoasi uchun futbol qoidalari bo‘yicha seminar tashkil etildi
Mavsumning ikkinchi qismi oldidan OKMK futbol klubi jamoasi uchun «Halol o‘yin» (Fair Play) tamoyillari hamda futbol qoidalariga oid seminar o‘tkazildi.
Seminarda futbolchilar va murabbiylar shtabi ishtirok etdi. Mazkur seminarni tajribali mutaxassis Konstantin Smirnov olib bordi.
Seminar davomida futbol qoidalaridagi so‘nggi o‘zgarishlar, maydondagi intizom, hakamlar bilan muloqot madaniyati hamda «Halol o‘yin» tamoyillariga rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, seminar davomida turli o‘yin vaziyatlari aks etgan videolavhalar namoyish etilib, murakkab epizodlar yuzasidan batafsil izohlar berildi. Bu futbolchilarga qoidalarni amaliy misollar orqali yanada chuqurroq tushunish imkonini yaratdi.
Seminar yakunida jamoa a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassisga murojaat qilishdi. Barcha savollarga batafsil javoblar berilib, mavsumning ikkinchi qismi oldidan muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur seminar futbolchilarning futbol qoidalariga oid bilimlarini mustahkamlash, maydondagi intizomni yanada oshirish hamda mavsumning ikkinchi qismiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga xizmat qildi.