OFK Elit hakamlari seminari boshlandi
Bugun Milliy futbol markazida Osiyo futboli hakamligi taraqqiyotida muhim o‘rin tutuvchi OFK Elit hakamlari seminari o‘z ishini boshladi. E’tiborlisi, mazkur nufuzli seminar O‘zbekiston mezbonligida ilk bor tashkil etilmoqda.
Seminarda Osiyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan 92 nafar elit toifadagi hakam, 6 nafar OFK vakili hamda 6 nafar OFK instruktori ishtirok etmoqda.
O‘quv-seminar 7-avgust kuniga qadar davom etadi hamda hakamlarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va jismoniy tayyorgarligini yanada yuksaltirishga qaratilgan. Seminar dasturi nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan.
Kunning birinchi yarmida ishtirokchilar FIFA va OFKning zamonaviy talablari, futbol qoidalariga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar, o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish hamda hakamlik qarorlarini baholash bo‘yicha darslarda qatnashmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida esa egallangan bilimlar futbol maydonidagi amaliy mashg‘ulotlar orqali mustahkamlanib, o‘yin boshqaruvi, to‘g‘ri pozitsiya tanlash va qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘nikmalar yanada takomillashtirilmoqda.