O‘FF Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi Prezidenti Bekzod Mamatqulov raisligida O‘FF Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, mamlakat terma jamoalari bosh murabbiylari hamda federatsiya mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida O‘FF Bosh kotibi I. Marupov o’tgan davr mobaynida federatsiya faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Shuningdek, 2026/2027-yilgi futzal mavsumiga tayyorgarlik, mamlakat Oliy ligasi musobaqasi dastlabki turlariga hamda 2-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Superkubogi uchrashuviga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Bekzod Mamatqulov yangi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish, milliy chempionat nufuzini oshirish hamda futzalni yanada ommalashtirish maqsadida qator muhim vazifalarni belgilab berdi. Xususan:
uchrashuvlarni zamonaviy infratuzilmaga ega sport inshootlarida o‘tkazish;
musobaqalar geografiyasini kengaytirish;
hakamlik sifatini tubdan yaxshilash;
teletranslyatsiyalar bilan bog‘liq masalalarni tizimli hal etish;
klublarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish departamenti hisobotiga ko‘ra, mamlakat chempionati, birinchilik hamda O‘zbekiston kubogi musobaqalarining muddatlari va o‘tkazilish manzillari bo‘yicha aniqliklar kiritildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston milliy, yoshlar va sohil futboli terma jamoalarining taqvim rejalari ham ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi. Jumladan, FIFA kunlari doirasida milliy terma jamoaning Yevropadagi kuchli raqiblarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari, yoshlar terma jamoasining Yopiq inshootlarda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki hamda sohil futboli terma jamoasining Osiyo chempionatiga tayyorgarligi yuzasidan tegishli topshiriqlar belgilandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘FF Ijroiya qo‘mitasi tavsiyasiga ko‘ra:
• Anvar Sa’dullayev — O‘FF Prezidenti maslahatchisi;
• Bahodir Mamatnazarov — Kadrlar va axborot-tahlil departamenti boshlig'i;
• Rustam Zuparov — Terma jamoalar bilan ishlash departamenti boshlig'i lavozimlariga tayinlandi.
Shuningdek, O‘FF Ijroiya qo‘mitasi tomonidan 2026/2027-yilgi mavsum uchun O‘FF Intizom komissiyasining yangi tarkibi ham tasdiqlandi. Komissiya tarkibiga Federatsiya prezidenti maslahatchisi A.Sa’dullayev, futzal faxriysi M. Azizxo‘jayev, O‘FF Futbol faxriylari kengashi raisi R. Zikryayev, O‘zPFL yuristi O. Ibrohimxonov hamda O‘FF departamenti boshlig'i O. Yunusov kiritildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi.