O‘FF Ijroiya qo‘mitasi: Vatan sha’ni har narsadan ulug‘ va muqaddas
Bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov rahbarligida O‘FF Ijroiya qo‘mitasining federatsiya mutasaddilari hamda terma jamoa murabbiylari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaning so‘nggi ikki oy davomida amalga oshirgan ishlari sarhisob qilinib, istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Dastlab, O‘FF bosh kotibi va departament rahbarlarining amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi. Mamlakat milliy chempionatining hal qiluvchi turlariga tayyorgarlik jarayoni, shuningdek, Birinchi liga musobaqasi yakunlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiy Xose Mariya Mendes boshchiligida o‘tkazilgan ilk yig‘ini haqida ma’lumot berildi.
Yig‘ilishda federatsiya rahbari tajribali mutaxassis atrofida ishlarni tizimli tashkil etish, milliy terma jamoa uchun munosib o‘rinbosarlar tayyorlash jarayonini eng kichik yosh toifalaridan boshlash zarurligini ta’kidladi. Asosiy vazifa sifatida 2029-yilda O‘zbekistonda o‘tadigan Osiyo yoshlar o‘yinlariga 2013-yil va undan keyin tug‘ilgan iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularni terma jamoa sifatida shakllantirish hamda o‘z maydonimizda yuqori natijalar uchun kurashish lozimligi qayd etildi.
Qolaversa, o‘sib kelayotgan avlod mamlakat futzalining kelajagi ekani, ular yaqin istiqbolda milliy terma jamoaning asosiy o‘yinchilariga aylanishi alohida urg‘ulandi. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalari murabbiylari asosiy jamoa bosh murabbiyiga ko‘makchi sifatida seleksiya ishlariga jiddiy yondashishlari lozimligi ta’kidlandi.
Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes o‘tkazilgan ilk yig‘inidan mamnun ekanini bildirib, O‘zbekiston azaldan iste’dodlar yurti ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun ham jahon miqyosida yuqori natijalarga erisha oladigan iqtidorli o‘yinchilar yetarli, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirish va rivojlantirish muhim. Terma jamoa eshiklari barcha futzalchilar uchun ochiq ekanini bildirdi.
Yig‘ilish davomida milliy terma jamoa yig‘iniga ayrim o‘yinchilar va murabbiylarning mas’uliyatsiz munosabati keskin tanqid qilindi. Xususan, yaqin xorijda o‘tkazilayotgan tijorat turnirlarida ishtirok etishni Vatan sha’nidan ustun qo‘yish holatlari muxlislar va mutaxassislar noroziligiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, bunday holatlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar ham muhokama qilindi. Chunki ayrim sportchilarning xorijdagi musobaqalarda baxtsiz hodisalarga uchragani, og‘ir jarohatlar olgani yoki hayotdan ko‘z yumgan holatlar mavjud. Bunday vaziyatlarda mas’uliyat masalasi dolzarb bo‘lib, sportchining qaysi tashkilot yoki klub ro‘yxatidan o‘tgani birinchi o‘ringa chiqishi ta’kidlandi.
2025/2026-yilgi mavsum uchun tasdiqlangan Reglamentning 12-bobida futzalchilarning musobaqalarda ishtirokini tartibga soluvchi aniq talablar belgilangan. Unga ko‘ra, O‘FF ro‘yxatidan o‘tgan futzalchilarning o‘z klubi bilan tuzilgan shartnomaga asosan mamlakat ichida yoki xorijdagi boshqa jamoalar safida maydonga tushishi taqiqlanadi. Aks holda klublarga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llaniladi.
Shundan kelib chiqib, Ijroiya qo‘mitasi keyingi mavsum Reglamentida mazkur holatlarga nisbatan yanada qat’iy cheklovlar joriy etilishini bildirdi. Ruxsatsiz xorijiy tijorat turnirlarida ishtirok etgan futzalchilar va murabbiylarga nisbatan birinchi marta ogohlantirish berilishi, yana takrorlansa ularni O‘FF ro‘yxatidan chiqarish va hatto klub bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishgacha bo‘lgan qat’iy choralar qo‘llanilishi belgilandi.