O‘FAda 2029-yilgi Ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida O‘FA rahbariyati, Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) vakillari hamda Avstraliyada 2026-yilda o‘tkazilgan Ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogi Mahalliy tashkiliy qo‘mitasi (LOC) rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida 2029-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayonlari, turnirni tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari, infratuzilma, logistika, transport, jamoalar va delegatsiyalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda musobaqani samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Avstraliyada 2026-yilda o‘tkazilgan Ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogining Mahalliy tashkiliy qo‘mitasi rahbariyati turnirga tayyorgarlik jarayonida orttirilgan tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Mehmonlar musobaqaga tayyorgarlikning asosiy bosqichlari, operatsion jarayonlar, turli yo‘nalishlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda turnir davomida qo‘llanilgan amaliy yechimlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda qo‘llash va ayollar futbolini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni 2029-yilgi turnir bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha fikr almashildi.