locale OZ

OʻFA va OFK rahbariyati uchrashuv oʻtkazdi

Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib olishdi.
OʻFA va OFK rahbariyati uchrashuv oʻtkazdi
Фото: ЎФА

Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qilish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa boshchiligidagi OFK delegatsiyasi mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Bugun Milliy futbol markazida OʻFA prezidenti Bahodir Qurbonov, Sport vaziri Adham Ikramov, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov va OFK delegatsiyasi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda OFK hamda OʻFA oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslangan keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda so'nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining futbolni rivojlantirishga qaratilgan Qarorlari va tashabbuslari yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirishga, infratuzilmani yaxshilashga ulkan turtki bo‘layotgani qayd etildi.

Futbol — yurtimizda davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlardan biri ekanligi, milliy terma jamoamizning Jahon chempionatida ishtirok etishi xalqimizga katta bayram ulashgani ta’kidlandi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa Oʻzbekiston OFKning eng yaqin hamkorlaridan biri ekanligi, yurtimiz yoshlar va ayollar oʻrtasidagi qit’a musobaqalarini yuqori saviyada oʻtkazganini e’tirof etib, keyingi yili Oʻzbekiston va Ozarbayjonda boʻlib oʻtadigan FIFA U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonch bildirdi.

Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovda davom ettirishga kelishib olishdi.

OFK prezidenti, shuningdek, Milliy futbol markazida joylashgan raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar va joriy etilgan tizimlar bilan tanishadi.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting