OʻFA rahbariyati Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi
OʻFA rahbariyati Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi
Ayni kunlarda Oʻzbekiston U-23 terma jamoasi Milliy futbol markazida Osiyo oʻyinlari musobaqasi oldidan soʻnggi tayyorgarlik yigʻinlarini oʻtkazmoqda. Bugun OʻFA rahbariyati U-23 olimpiya terma jamoamiz a'zolari bilan uchrashdi.
Suhbatda jamoa oldida turgan ushbu musobaqa haqida fikr bildirilar ekan, Oʻzbekiston tarixda ushbu musobaqada gʻolib boʻlgani, qolaversa turli yoshdagi terma jamoalarimiz qit'a miqyosidagi musobaqalarda munosib ishtirok etib kelayotgani aytildi. Los-Anjelas olimpiadasiga tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoamiz uchun ushbu musobaqa ham muhim hisoblanishi ta'kidlandi.
Barchangiz turli terma jamoalarimiz tarkibida Osiyo kubogida ishtirok etgansiz, bu kabi musobaqalar katta tajriba hisoblanib, keyingi faoliyatingizga ham ta'sir qiladi. Vatan terma jamoasining libosini kiyib maydonga tushish katta sharaf. Bir jamoa boʻlib, ahillik bilan musobaqada munosib ishtirok etishingizga ishonamiz, dedi OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov.
Eslatib oʻtamiz, U-23 terma jamoamiz musobaqaning C guruhidan oʻrin olgan boʻlib, Filippin, Kuvayt va Vyetnamga qarshi bahs olib boradi. Turnirdagi ilk uchrashuvimiz 15-sentyabr kuni Filippinga qarshi boʻlib oʻtadi.