OʻFA rahbariyati Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Islom Bek Ismoilov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi FIFA U-17 Jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Vakillarimiz ayni vaqtda 2-turdan soʻng “J” guruhida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov mazkur turnirda Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan jamoa vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida turnirda munosib ishtirok etish, shuningdek, jamoa aʼzolarining ruhiy va jismoniy tayyorgarligi, ularga yaratilgan sharoitlar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan bir qatorda, uchrashuvda jamoa aʼzolariga koʻplab futbol muxlislari hamda assotsiatsiya tomonidan yuqori ishonch bildirilayotgani, Osiyo kubogida boʻlgani kabi terma jamoa bu gal ham musobaqada munosib ishtirok etishi zarurligi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Islom Bek Ismoilov jamoa musobaqada bor imkoniyatini ishga solishini, futbolchilar ham turnir darajasini his qilib turganini qayd etdi.
Murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va kelgusi uchrashuvlarga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashildi. Tibbiy shtabga futbolchilarning sogʻligi, tiklanishi va vitaminlash jarayoni, shuningdek, futbolchilarga yuqori darajadagi tibbiy yordam koʻrsatishni davom ettirish boʻyicha masʼullarga koʻrsatma berildi.