locale OZ

O'FA rahbariyati Mayamida FIFA Ijroiya Futbol Sammitida qatnashdi

Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
O'FA rahbariyati Mayamida FIFA Ijroiya Futbol Sammitida qatnashdi
FOTO: UzbekistanFA

FIFA tomonidan har yili tashkil etiladigan FIFA Ijroiya Futbol Sammiti (FIFA Executive Football Summit) bugungi kunda dunyo futbolining eng muhim muloqot platformalaridan biri hisoblanadi. Ushbu yuqori darajadagi uchrashuvlar milliy futbol assotsiatsiyalari rahbarlari, FIFA prezidenti va konfederatsiyalar vakillarini birlashtirib, futbolni global miqyosda rivojlantirish, tajriba almashish va strategik yo‘nalishlarni muhokama qilish imkonini beradi.

Joriy yilgi sammit AQShning Mayami shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda FIFAga a’zo qator milliy futbol assotsiatsiyalari vakillari bilan bir qatorda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda bosh kotib Avaz Maksumov ham ishtirok etdi.

Sammit doirasida futbolning turli yo‘nalishlarini — xususan, bolalar va o‘smirlar futboli, ayollar futboli, shuningdek, FIFA musobaqalarini tashkil etish, jumladan bo‘lajak Jahon chempionatlari, ayollar turnirlari va yoshlar musobaqalari yuzasidan dolzarb mavzular muhokama qilindi.

FIFA Prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasini tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining FIFA Forward loyihasini muvaffaqiyatli tatbiq etgan assotsiatsiyalardan biri ekanini alohida e’tirof etdi.

Ushbu sammit futbol federatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba va g‘oyalarni almashish, hamda global futbol tizimidagi dolzarb masalalarni birgalikda hal qilish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Nasrullo Karimov
Nasrullo Karimov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting