O‘FA delegatsiyasi Paragvayda bo‘lib o‘tgan 75-FIFA Kongressida ishtirok etdi
Paragvay poytaxti Asunsion shahrida FIFAning 75-kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (OFA) delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Tashrifga OFAning birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov rahbarlik qildi.
Kongress kun tartibidan Disiplinar, Etika, Apellyatsiya, Rahbariyat, Audit va Moslik qo‘mitalariga a’zolar saylovi, FIFA a’zolari va Kengash tomonidan kiritilgan takliflarni muhokama qilish, futbolda irqchilikka qarshi kurashni mustahkamlash masalalari o‘rin oldi.
Yig‘ilishda 2031-yildan boshlab Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirokchi jamoalar soni 48 tagacha kengaytirilishi rasmiy tasdiqlandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino chempionatlarning yangi formatlari haqida so‘zlar ekan, bu o‘zgarishlar tarixdagi eng turli-tuman musobaqalarni yaratishini, ko‘plab jamoalarga xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish imkoni berilishini ta’kidladi. Uning fikricha, bu o‘zgarishlar futbolni ommalashtirish va barcha qit’alar uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Kongress doirasida shu yil o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va kelasi yili bo‘ladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, 76-FIFA Kongressi 2026-yil 30-aprel kuni Kanadaning Vankuver shahrida bo‘lib o‘tadi.