OAV vakillari, futbol sharhlovchilari, jurnalistlar va blogerlar uchun maxsus seminar tashkil etildi
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Oʻzbekiston futbol hakamlari markazi tomonidan OAV vakillari, futbol sharhlovchilari, jurnalistlar va blogerlar uchun maxsus seminar tashkil etildi.
Bugun bo‘lib o‘tgan seminar davomida Superliganing 1–4-turlari hamda Superkubok bahslarida yuzaga kelgan bahsli vaziyatlar batafsil tahlil qilindi. Jumladan, qizil kartochka, penalti va boshqa muhim epizodlar yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Seminarda ushbu vaziyatlarda ishtirok etgan hakamlar o‘z qarorlari yuzasidan fikr bildirib, to‘g‘ri chiqarilgan qarorlar hamda yo‘l qo‘yilgan xatolar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, jurnalistlar va sharhlovchilar tomonidan berilgan savollarga instruktorlar batafsil tushuntirish berib, har bir vaziyat yuzasidan professional xulosalar taqdim etishdi.
Mazkur seminar hakamlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jamoatchilikka to‘g‘ri va tezkor axborot yetkazishga xizmat qiladi.