«Nyukasl» Jeksonga qiziqish bildirmoqda
Ijara asosida «Bavariya»da to‘p surayotgan Londonning «Chelsi» klubi hujumchisi Nikolas Jekson yozgi transferlar oynasida jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Bu haqda talkSPORT xabar bermoqda.
Avvalroq «Bavariya» senegallik hujumchining shartnomasini «Chelsi»dan sotib olmasligi ma'lum bo‘lgandi. Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, Jeksonning xizmatlariga «Nyukasl» qiziqish bildirmoqda.
Ta’kidlanishicha, «qarg‘alar» tez orada Angliyaga qaytadigan senegallik futbolchi uchun asosiy da’vogarlar qatorida turibdi.
Joriy mavsumda 24 yoshli Jekson barcha musobaqalarda 29 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘nta gol urdi va to‘rtta golli uzatmaga mualliflik qildi. Jeksonning «Chelsi» bilan amaldagi shartnomasi 2033-yilgacha mo‘ljallangan. Transfermarkt mutaxassislari futbolchining narxini 40 million yevroga baholamoqda.