Nursulton Qurman: O‘rtoqlik uchrashuvlari ikki mamlakat yoshlari uchun ham foydali bo‘ldi
"O‘rtoqlik uchrashuvlari ikki mamlakat yoshlari uchun ham foydali bo‘ldi"
Qozog‘iston hamda O‘zbekiston yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlaridan keyin Qozog‘iston futzal assotsiatsiyasi prezidenti Nursulton Qurman o‘z fikr mulohazalarini bildirdi.
- Dini, urf-odatlari bir bo‘lgan ikki qardosh mamlakat yoshlar terma jamoalari o‘rtasida futzal bo‘yicha tashkil etilgan o‘rtoqlik uchrashuvlari mening nazarimda har ikkala terma jamoa uchun foydali bo‘ldi. Avvalo bizning taklifimizni qabul qilib, nazorat uchrashuvlarida ishtirok etishiga ruxsat bergan qardosh mamlakat futzal federatsiyasi rahbariyatiga, yoshlar terma jamoasining barcha o‘yinchi va murabbiylar shtabiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiraman.
Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvlari ikkala jamoa uchun ham tajriba maktabi vazifasini o‘tab beradi. Aynan mana shu yoshlar ikki mamlakat milliy terma jamoalarining ertangi kuni, istiqboli desak, adashmaymiz. Bevosita O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, ularning iste’dodi, mahorati menda katta taassurot qoldirdi. Barcha chiziqlardagi bog‘lamlar mukammal ishlangan.
Ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida o‘zbekistonlik yoshlar birinchi bahsdagidan-da uyushqoqlik bilan harakat qilishdi va mezbonlarni hayajonlanishga majbur etishdi. O‘zbekistonlik yoshlarga kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman. Olimp cho‘qqilarini zabt etishda hormay tolmay mehnat qilishdan to‘xtashmasin. Terma jamoalarimiz o‘rtasidagi aloqalar esa yanada mustahkamlanishi tarafdoriman.