locale OZ

Nukusdagi Turan stadionida qurilish yakuniy bosqichga kirdi

Liga ishchi guruhi iyul oyining so‘nggi o‘n kunligida Nukusga qaytadi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Nukusdagi Turan stadionida qurilish yakuniy bosqichga kirdi
Фото: UzPFL

Kecha — 8-iyun kuni Liga ishchi guruhi Nukus shahrida bo‘ldi. Safar davomida Liga rahbari Diyor Imomxo‘jayev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bilan uchrashdi hamda Aral futbol klubi va Turan stadioni masalasida suhbatlashdi.

Ayni vaqtda Aral futbol klubi Proliga doirasida 10 ta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, mag‘lubiyatsiz seriya hamda 26 ochko bilan musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqib, Aral Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Aral klubini rivojlantirish hamda Turan stadionini ta’mirlash masalasida barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Rejaga ko‘ra, Turan stadioni shu yilning kuz oylarida foydalanishga topshiriladi.

Ayni vaqtda stadionga FIFA talablariga javob beradigan qoplama yotqizilgan. Shuningdek, Liga talabi bo‘yicha zamonaviy proyektorlar to‘liq o‘rnatilgan. Hozirda sifatli teletranslyatsiya imkoniyatini ta’minlovchi kabellashtirish ishlari, kamera platformalarini joylashtirish, media tribuna, sharhlovchilar xonasi hamda matbuot anjumani zalini tashkil etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Turan stadioni uchun VAR texnikasi xarid qilingan bo‘lib, yaqin kunlarda uni o‘rnatish ishlari ham boshlanadi.

Stadionning texnik nuqtalari Liga taklif etgan loyiha asosida amalga oshirilgan. Zaxira o‘rindiqlari, kiyim almashtirish xonalari va VVIP lojalari zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan.

Stadion 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, kelajakda respublika futbolining eng muhim va zamonaviy markazlaridan biriga aylanishiga shubha yo‘q.

Rejaga ko‘ra, Liga ishchi guruhi iyul oyining so‘nggi o‘n kunligida Nukusga qaytadi.

Ma’lumot uchun, Aral futbol klubi kuni kecha OFK klublarni litsenziyalash shartlarini muvaffaqiyatli bajargan klublar safiga qo‘shildi. Bu klub tarixidagi muhim yangiliklardan biri hisoblanadi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting