Noyer «Kyoln»ga qarshi bahsda jarohat olgan
Myunxenning "Bavariya" klubi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida jamoa darvozaboni va sardori Manuel Noyerdagi mushak bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani haqida ma’lum qildi.
Klub bayonotida aytilishicha, 40 yoshli posbon hozirda chap oyoq boldir mushaklaridagi muammo sabab yengil rejimga amal qilishi kerak. Buni "Bavariya" tibbiy shtabi tasdiqlagan. Noyer shanba kuni Bundesliga doirasida "Kyoln"ga qarshi uy uchrashuvining 60-daqiqasida maydonni tark etgan.
15 may, juma kuni "Bavariya" Manuel Noyer bilan shartnomani 2027 yil yozigacha uzaytirganini e’lon qilgan edi.
Joriy mavsumda darvozabon barcha musobaqalarda 37 ta o‘yinda maydonga tushib, ularning 11 tasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 4 million yevroga baholanmoqda.