Noyer jarohati sabab nomaʼlum muddatga safdan chiqdi
«Bavariya» posboni joriy mavsum 14 ta oʻyinda ishtirok etdi.
FOTO: Getty Images
Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni va sardori Manuel Noyer Germaniya Bundesligasining 14-turida «Mayns»ga qarshi o‘yinda (2:2) olgan jarohati sabab safdan chiqdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
«Bavariya» tibbiy xizmati Noyerning o‘ng son mushagida uzilish aniqlanganini tasdiqladi. Futbolchining qachon maydonga qaytishi hozircha ma’lum qilinmadi.
Mazkur uchrashuv «Bavariya» uchun joriy mavsumdagi atigi ikkinchi durang bo‘ldi. Qolgan barcha o‘yinlarda jamoa g‘alaba qozongan. 14 turdan so‘ng 38 ochko jamg‘argan myunxenliklar Bundesliga turnir jadvalida ishonchli tarzda yetakchilik qilmoqda.
Manuel Noyer mavsum davomida 14 o‘yinning 12 tasida maydonga tushib, ularning beshtasida o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qoldi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist