Noyer «Bavariya» bilan shartnomasini 2027 yilga qadar uzaytiradi — manba
«Bavariya» klubining 40 yoshli darvozaboni va sardori Manuel Noyer jamoa bilan amaldagi shartnomasini yana bir yilga, ya’ni 2026/2027 yilgi mavsum yakuniga qadar uzaytiradi. Bu haqda Abendzeitung nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotlariga ko‘ra, jahon chempioni ushbu qarorni o‘zining ishonchli vakillari bilan birgalikda qabul qilgan. Myunxen klubi esa bunga nisbatan «hech qanday e’tiroz» bildirmagan.
Avvalroq Noyer va «Bavariya» o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan va unda tomonlar asosiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishgan edilar.
Noyer 2011 yilning yozidan buyon Germaniya grandi sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida darvozabon barcha turnirlar doirasida 595 ta o‘yinda maydonga tushgan va ularning 269 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Transfermarkt portali bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 4 million yevroni tashkil etadi.