«Nottingem Forest» Shon Daychni isteʼfoga chiqarish variantini koʻrib chiqmoqda — manba
«Nottinhem Forest» klubi rahbariyati bosh murabbiy Shon Daychni iste’foga chiqarish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Klub xo‘jayini Evangelos Marinakis jamoaning joriy mavsumdagi natijalaridan keskin norozi va 54 yoshli mutaxassisni almashtirish niyatida. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Shon Daych 2025 yilning oktyabr oyida jamoa jilovini qo‘liga olgan edi, biroq u vaziyatni o‘nglay olmadi. Ayni damda «Nottinhem Forest» turnir jadvalida tushib ketish zonasidan atigi bir pog‘ona yuqorida turibdi. Marinakis murabbiyning uslubi klub loyihasiga mos kelmaydi deb hisoblamoqda va yozgi tanaffus vaqtida yangi nomzodni olib kelishni rejalashtirmoqda.
Marinakisning asosiy maqsadi — «Fulhem» ustozi Marku Silvani o‘z jamoasiga jalb qilish. Ma’lumotlarga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassisning «Fulhem» bilan shartnomasi shu yozda yakuniga yetadi va u erkin agentga aylanishi mumkin. Marinakis Silva bilan avvalroq «Olimpiakos»da birga ishlagan va uning imkoniyatlariga yuqori baho beradi.
Biroq bu kurashda «Nottinhem» yolg‘iz emas. «Kristal Pelas» ham Marku Silvaga qiziqish bildirmoqda va jamoaning hozirgi murabbiyi Oliver Glasner bilan xayrlashishga tayyorlanmoqda.
Maʼlumot uchun, Marku Silva 2021 yildan buyon «Fulhem»ni boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa joriy mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsatib, 30 ta uchrashuvda 14 ta g‘alaba qayd etdi va 34 ochko bilan turnir jadvalining 12-pog‘onasida bormoqda.