«Nottingem Forest» Edu Gasparni isteʼfoga chiqardi — The Telegraph
Braziliyalik funksioner Edu Gaspar «Nottingem Forest» klubining futbol yo‘nalishi rahbari lavozimini tark etmoqda. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Eduning mashg‘ulot bazasi va klubning uy stadioniga kirishi taqiqlangan — u jamoaning so‘nggi uchta o‘yinini o‘tkazib yubordi.
Edu 2025 yil iyul oyida «Arsenal»dagi muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng katta umidlar bilan klubga kelgan edi. Biroq uning sakkiz oylik boshqaruvi davomida «Nottingem Forest»da to‘rtta murabbiy almashdi: mavsum Nunu Eshpiritu Santu bilan boshlandi, undan keyin Angelos Postekoglu, Shon Daych va hozirgi murabbiy Vitor Pereyra ishladi. Bu vaqt ichida transferlar uchun qariyb 200 million funt sterling (232,4 million yevro) sarflandi, ammo natijalar qoniqarsiz bo‘lib qoldi.
Ayni damda «Nottingem Forest» APLda 28 ochko bilan 17-o‘rinni egallab turibdi. Eduning rasmiy e’longacha bo‘lgan so‘nggi kuzatgan o‘yini «Manchester Siti»ga qarshi o‘z uyidagi durang (2:2) bo‘ldi. Braziliyalik mutaxassisning ketishi mavsum yakuniga qadar rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.