Nodir Eliboyev: Muxlislarimizning fikrlarini e’tibor bilan kuzatib boramiz
Osiyo kubogi — 2026 saralash musobaqasi "F" guruhi bahslari yakuniga yetgach, biz O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyevni suhbatga chorladik. Muloqot davomida saralash bahslari yakunlari, terma jamoaning yaqin kelajakdagi maqsad va rejalari haqida suhbatlashdik.
— Qirg‘izistonga qarshi kechgan uchrashuv haqida qanday fikrdasiz?
— Achinarlisi, kutilgan natijaga erisha olmadik. Bugungi o‘yinda asosiy darvozabonimiz Abbos O‘lmasbekov avvalgi uchrashuvlarda olgan jarohati qaytalab qoldi va uni zaxiradagi darvozabonga almashtirishga majbur bo‘ldik. Bejizga «darvozabon — yarim jamoa» deb aytilmaydi. Uning o‘rnini egallagan Shavkat Ibrohimov uchun bu ilk rasmiy o‘yin bo‘ldi va debyutga yarasha yaxshi harakat qildi. Undan noroziman deyish noto‘g‘ri bo‘lardi.
Qirg‘iziston terma jamoasining kuchli raqobat ko‘rsatishini kutgandik. Chunki o‘zaro o‘yinlar tarixiga nazar tashlasak, ular bizga qarshi 15 marta maydonga tushib, faqat bir bor g‘alaba qozongan. Bu safar esa o‘z maydonlarida eng kuchli tarkibini to‘plab tusha oldilar. Biz esa, ayrim obyektiv va subyektiv sabablar tufayli, optimal tarkib bilan ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmadik.
— Darvozabon bilan bog‘liq muammolardan tashqari, mag‘lubiyatga boshqa sabablar ham bormi?
— Albatta. Faqatgina darvozabon masalasi bilan cheklanib bo‘lmaydi. Hozirgi tarkibimiz avvalgisidan ancha farq qiladi. Biz jamoani yoshartirish yo‘lini tanladik. Bu — faqat Osiyo chempionati emas, balki keyingi 10-yildagi istiqbol, xususan Jahon chempionatlariga tayyorgarlikni ko‘zda tutgan strategik qaror hisoblanadi.
“O‘tish davri”da ma’lum qiyinchiliklar, natijalarda uzilishlar bo‘lishi tabiiy. Eng muhimi — xulosa chiqarish, yo‘nalishdan chekinmasdan, bundan keyingi ishlarni to‘g‘ri tashkil etish.
— Bunday vaziyat faqat O‘zbekiston terma jamoasiga xosmi yoki boshqa jamoalarda ham kuzatiladimi?
— Bu nafaqat futzal, balki barcha jamoaviy sport turlari uchun tabiiy jarayon. Masalan, Qirg‘iziston terma jamoasi 2022-yilgi Osiyo chempionati saralashidan o‘ta olmagan. Ya’ni, bugungi muvaffaqiyat — uzoq muddatli islohotlar natijasi. Hatto iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘lgan Xitoy ham bu yil saralash bosqichidan o‘ta olmadi. Demak, bu uzoq va murakkab jarayon bo‘lib, ko‘plab omillarga bog‘liq.
— Muxlislar tajribali o‘yinchilar, jumladan, Dilshod Rahmatov, Ixtiyor Ropiyev va Anasxon Rahmatovlar nega jamoaga jalb etilmaganini so‘rashmoqda. Bu haqda qanday javob berasiz?
— Muxlislarimizning fikrlarini e’tibor bilan kuzatib boramiz. Dilshod Rahmatov faoliyatini yakunlab, hozirda BMB futzal klubida bosh murabbiy sifatida ishlayapti. Ixtiyor Ropiyev va Anasxon Rahmatov esa yangi mavsum arafasida ma’lum vaqt o‘yin amaliyotisiz qolishdi.
Biz ularning tajribasi, mahoratiga shubha qilmaymiz va zarur paytda terma jamoaga jalb qilishimiz mumkin. Lekin bugungi kunning realiyati — yoshlarga imkoniyat berish, munosib o‘rinbosarlar tayyorlash. Buni biz ustuvor vazifa deb hisoblaganmiz.
— Asosiy darvozabon Abbos Elmurodov nima sababdan saralash bahslarida ishtirok etmadi? Shuningdek, Sunnat Jo‘rayev va Davron Choriyevlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
— Abbos Elmurodov yozgi yig‘inda jarohat olgan va hozirda shifokorlar nazoratida muolaja olyapti. Yaqin vaqt ichida safga qaytishi kutilyapti. Davron Choriyev ham jiddiy jarohatdan so‘ng individual mashg‘ulotlarni boshladi va uning tez orada jamoamizga yordam berishiga umid qilamiz. Sunnat Jo‘rayev esa hozircha to‘liq tiklanmagan. Uning tiklanish jarayoni biroz cho‘zilyapti.
Shuningdek, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan aka-uka Solihovlar ham murabbiylar shtabi diqqat markazida turibdi. Ularning holati va formada ekanligi doimiy baholab boriladi.