Nilufar Qudratova: Bir oydan buyon Avstraliyadamiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz
Matbuot anjumani: “Melbourne City WFC” – “Nasaf”
Bugun ayollar o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar Ligasi chorak final bosqichi doirasida Melbourne City WFC hamda Nasaf jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Nasaf bosh murabbiyi Botir Qodirqulov hamda jamoamiz sardori Nilufar Qudratova ishtirok etdi.
Botir Qodirqulov:
— Biz musobaqaning qaysi bosqichiga yetib kelganimizni juda yaxshi tushunib turibmiz. Jamoaning tayyorgarligi yaxshi holatda. Ertaga ijobiy natijaga erishamiz degan umiddaman.
Savol: Terma jamoaning ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogidagi ishtiroki bilan tabriklaymiz. Ammo hali asosiy vazifa bajarilmadi. Jamoangiz futbolchilarining aksariyati ushbu musobaqada qatnashdi. Bu holat ertangi o‘yinga qanchalik ta’sir qiladi?
Nilufar Qudratova:
— Osiyo Kubogi bizga katta tajriba berdi. Ko‘plab jamoadoshlarim terma jamoada ishtirok etdi va bu biz uchun muhim bosqich bo‘ldi. Maqsadimiz — jahon chempionatiga chiqish va buning uchun kurashni davom ettiramiz. Ertangi o‘yinga keladigan bo‘lsak, jamoaning kayfiyati a’lo darajada. Biz bir oydan buyon Avstraliyadamiz va o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Savol: Osiyo Kubogidan keyin futbolchilarning jamoaga qaytishi ertangi o‘yinda qanchalik yordam beradi?
Botir Qodirqulov:
— Ushbu musobaqa futbolchilarimizga katta tajriba berdi. Biz anchadan buyon shu yerda tayyorgarlik olib boryapmiz. Jamoamizning kayfiyati ham, tayyorgarligi ham yaxshi holatda. Ertangi o‘yinda bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Savol: “Melbourne City” jamoasi o‘tgan mavsum finalgacha yetib borgan. Raqib haqida fikringiz?
Botir Qodirqulov:
— Raqibimizning salohiyatidan xabardormiz. Ularning o‘yinlarini tahlil qildik. Yaxshi shakllangan jamoa. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga maydonga faqat g‘alaba uchun tushamiz.
Savol: Katta musobaqalar va bosim haqida nima deya olasiz?
Nilufar Qudratova:
— Bunday yirik bellashuvlar bizga katta tajriba beradi. Ertangi o‘yinda biz hech qanday bosim his qilmayapmiz. Oldin ham kuchli raqiblarga qarshi o‘ynaganmiz. Futbolda har qanday natija bo‘lishi mumkin, biz esa bunga to‘liq tayyormiz.