Nikolas Jekson yozda «Chelsi»ga qaytadi — Plettenberg
Germaniyaning «Bavariya» klubi hujumchisi Nikolas Jekson yozda ijara muddati yakunlangach, Londonning «Chelsi» klubi ixtiyoriga qaytadi. Bu haqda taniqli jurnalist Florian Plettenberg xabar bermoqda.
«Bavariya» rahbariyati va jamoa bosh murabbiyi Vensan Kompani futbolchining o‘yini hamda professionalizmiga yuqori baho bermoqda. Shunga qaramay, shartnomaning yozda yakunlanishi rejalashtirilgan va hozirgi vaqtda ijarani uzaytirish yoki to‘liq transfer bo‘yicha hech qanday muzokaralar olib borilmayapti. Jeksonga boshqa klublar tomonidan jiddiy qiziqishlar bor, biroq u dastlab «Chelsi»ga qaytadi», — deb yozadi Plettenberg.
Ma’lumot o‘rnida, 24 yoshli Nikolas Jekson Germaniya chempionatining joriy mavsumida 19 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, uning hisobida Chempionlar ligasidagi 8 ta o‘yinda urilgan 3 ta gol va 2 ta samarali uzatma mavjud.